INULIN VA UNING AHAMIYATI

Mualliflar

  • Ergashova Mahfuza Ro‘ziyevna Buxoro viloyat Jondor tumani 36-maktabning kimyo fani o‘qituvchisi

Kalit so‘zlar:

inulin, polisaxarid, topinambur.

Abstrak

Inulin tabiiy polisaxarid bo‘lib, o‘simlik tarkibida, ayniqsa topinamburda keng tarqalgan qimmatli fizik-kimyoviy xususiyatlarga va o‘zgaruvchan molekulyar og‘irlikka ega. Unulin tibbiyotda hamda oziq-ovqat sanoatida yuqori ahamiyatga ega.

References

Inulin — polisaxaridlar guruhiga mansub organik modda bo‘lib, u β-D-fruktoza qoldiqlaridan tashkil topgan va ular o‘zaro 2,1-β bog‘lar orqali chiziqli tarzda ulanadi [1]. Polimer zanjirining oxirida α-D-glyukopiranoza (glyukoza) qoldiqlari joylashgan. Inulin ilk bor 1804-yilda nemis olimi Roze tomonidan andiz ildizpoyasi biomassa ekstraktlarida aniqlangan. 1818-yilda esa Tompson ajratib olingan moddani inulin deb atagan [2].

Inulin sovuq suvda kam eriydi, biroq issiq suvda oson eriydi. U gigroskopik xususiyatga ega bo‘lib, oq rangli amorf kukun shaklida, shirin ta’mga ega. Kislotalar va inulaza fermenti ta’sirida gidrolizga uchraganda D-fruktoza va oz miqdorda glyukoza hosil qiladi. Inulin hamda uning fermentativ parchalanishining oraliq mahsulotlari - inulinlar qaytaruvchi xususiyatlarga ega emas [3].

Turli manbalardan olingan inulinlar bir xil bo‘lmay, o‘rtacha molekulyar massasi 5000-6000 bo‘lgan gomolog polimerlar qatorini o‘z ichiga oladi. Inulinning molekulyar massasiga ajratib olish va tozalash usullari ham sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatadi [4].

Inulin suvda qizdirilganda, shuningdek noorganik va organik kislotalar hamda turli fermentlar ta’sirida gidrolizlanadi. Kislotali gidrolizlashning unumi eritma pH qiymatiga, harorat va gidroliz jarayoni davomiyligiga bog‘liq. Inulinning gidrolitik parchalanishi turli manbalardan olingan β-fruktofuranozidaza fermentlari, masalan, xamirturush invertazasi va ayrim mog‘or zamburug‘lari fermentlari ta’sirida ham sodir bo‘lishi mumkin. Inulinni gidrolizlovchi va boshqa tabiiy fruktoza saqlovchi oligosaxaridlarga nisbatan faollikka ega bo‘lmagan maxsus fermentlar inulazalar deb ataladi [5].

Ajratib olingan inulinning xossalari ekstraksiya jarayonining ko‘plab texnologik parametrlariga bog‘liq bo‘lib, ularga jarayon harorati, davomiyligi, pH muhiti va gidromodul kiradi. Shuningdek, yakuniy mahsulot xossalariga boshlang‘ich xom ashyoning holati hamda o‘simlik xom ashyosidagi inulinning fizik-kimyoviy ko‘rsatkichlari ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli, o‘simlik xom ashyosidan inulin ajratib olish natijasida fraksion va uglevod tarkibi, molekulyar massasi va boshqa sifat ko‘rsatkichlari bilan farqlanuvchi inulinlar olinadi [6].

Inulin ekstraksiyasi jarayonida texnologiyaning mukammalligiga bog‘liq holda ekstrakt tarkibida turli qo‘shimcha mahsulotlar, jumladan, biologik faol tabiiy moddalarning har xil shakllari hosil bo‘lishi va ajralib chiqishi mumkin. Ushbu moddalar tayyor mahsulot tarkibiga aralashma sifatida kirib qolishi ehtimoli mavjud [7].

Topinambur dunyodagi eng muhim inulin saqlovchi o‘simliklardan biri hisoblanadi. Uning tarkibidagi inulin miqdori 20% va undan ortiq bo‘lib, bu esa undan tibbiy maqsadlar uchun mo‘ljallangan inulin substansiyasini olish imkonini beradi. Inulin tibbiyot uchun yuqori qiymatga ega modda bo‘lib, ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda ushbu qimmatli xom ashyo asosida yirik sanoat ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Topinambur olimlar e’tiborini o‘zining boy kimyoviy tarkibi bilan ham tortadi. U boshqa tugunakli ekinlardan nafaqat inulin to‘plash qobiliyati, balki 16 ta aminokislotadan, jumladan 8 ta almashinmaydigan aminokislotadan tashkil topgan oqsil miqdorining nisbatan yuqoriligi bilan ham ajralib turadi.

Shu sababli, tarkibida inulin saqlovchi topinambur tugunaklaridan turli biologik faol qo‘shimchalarni tayyorlash va olish dolzarb hamda istiqbolli yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

Nashr qilingan

2026-01-21

How to Cite

INULIN VA UNING AHAMIYATI. (2026). Universal Xalqaro Ilmiy Jurnal, 3(1), 136-138. https://universaljurnal.uz/index.php/jurnal/article/view/3882